O‘zbekiston Vena konvensiyasiga rasman qo‘shildi
Hujjat IAEA bosh direktori Rafael Grossiga Vena shahrida topshirildi.

Xalqaro atom energiyasi agentligining (IAEA) Vena shahridagi bosh qarorgohida O‘zbekistonning “Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi” Vena konvensiyasiga qo‘shilish hujjatini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda hujjat IAEA bosh direktori Rafael Grossiga taqdim etildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
Uchrashuv davomida Rafael Grossi O‘zbekiston 2024 yildan beri yadroviy xavfsizlik bilan bog‘liq bir nechta asosiy xalqaro konvensiyalarga qisqa vaqt ichida qo‘shilganini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qarorlar O‘zbekiston rahbariyatining ushbu yo‘nalishga strategik e’tibor qaratayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, mamlakatda kelgusida atom elektr stansiyasi va kichik modul reaktorlarni barpo etish tashabbuslari davom ettirilayotgani qayd etildi.
Qayd etilishicha, mazkur konvensiyaga qo‘shilish bo‘yicha qonun 2025 yil 26 sentabrda qabul qilingan. U O‘zbekistonning yadro energetikasini rivojlantirish, yadroviy xavfsizlik standartlarini mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish borasida muhim qadam bo‘ldi. IAEA rahbari uchrashuv yakunida O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.







