Bojxona postlariga inspektor va kichik inspektor lavozimlariga tanlov e’lon qilindi
Nomzodlar 18–30 yosh oralig‘ida bo‘lishi, oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lishi, jismoniy tayyorgarligi va harbiy xizmat tajribasiga ega bo‘lishi talab etiladi.

Bojxona qo‘mitasi hududiy boshqarmalar bojxona postlaridagi inspektor va kichik inspektor bo‘sh lavozimlariga xizmatga qabul qilish bo‘yicha tanlov e’lon qiladi.
Mazkur lavozimlarga tanlov asosida yoshi o‘n sakkiz yoshdan kichik va o‘ttiz yoshdan katta bo‘lmagan, shu jumladan, o‘ttiz yoshda bo‘lgan, oliy (kichik inspektor lavozimi uchun oliy, professional (kasb-hunar), o‘rta maxsus va umumiy o‘rta) ma’lumotga ega, o‘zining shaxsiy, ishchanlik va axloqiy fazilatlari, sog‘lig‘ining holati va jismoniy tayyorgarligiga ko‘ra xodimning xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lgan, muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni yoxud oliy o‘quv yurtlarida harbiy tayyorgarlikni o‘tagan (kichik inspektor lavozimi uchun muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o‘tagan) – bo‘yi 165 sm.dan kam bo‘lmagan erkaklar qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasiga ko‘ra, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, xizmatni o‘tashga monelik qiladigan kasalligi yoki jismoniy nuqsonlari bo‘lgan, boshqa davlat organlaridan salbiy sabablarga ko‘ra bo‘shatilgan, sodir etgan jinoyati uchun ilgari hukm qilinganlar, qo‘llanilgan jazo turidan, sudlanganlik holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan va o‘ziga nisbatan amnistiya akti yoki afv etish qo‘llanilganligidan qat’i nazar yoxud yarashuv munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan fuqarolar xizmatga qabul qilinmaydi.
Yuqoridagi talablarga mos kelmagan, saralash bosqichlaridan o‘ta olmagan yoki o‘zi va yaqin qarindoshlari to‘g‘risida bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar bergan, shuningdek belgilangan hujjatlarni belgilangan muddatda taqdim etmagan nomzodlarni xizmatga qabul qilish rad etiladi.
Tanlovda ishtirok etish arizalar joriy yilning 9-noyabriga (shu kuni ham) qadar https://customs.uz/uz/services/vacancy havolasi orqali onlayn qabul qilinadi.
Tanlov bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar bilan tanishish havolasi: https://new.customs.uz/uz/services/vacancy/questions







