“InnoX” biznes-inkubator dasturi orqali yoshlar 1175 ta startap loyihasini ishlab chiqdi
O‘zbekistonda 12 hududda faoliyat yuritayotgan Yoshlar texnoparklari yoshlarning ilm-fan, robototexnika va startap loyihalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda yoshlarni ilm-fan va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy kasblarga o‘qitish hamda startap g‘oyalarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-maydagi 313-sonli qaroriga muvofiq, respublikaning 12 ta hududida Yoshlar texnoparklari tashkil etildi.
Mazkur texnoparklar yoshlar uchun ilmiy-texnikaviy ijodkorlik, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va innovatsion tadbirkorlikni shakllantirish markaziga aylandi. Bugungi kunda u yerda “web-dasturlash”, “robototexnika”, “3D modellashtirish”, elektronika, video montaj, grafik dizayn, “AutoCAD” kabi 7 turdagi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv va ishlab chiqarish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Texnoparklarda yosh ixtirochi va tadqiqotchilarning g‘oyalarini hayotga tatbiq etish maqsadida “InnoX” biznes-inkubator va akselerator dasturi faoliyat yuritmoqda. Ushbu dastur orqali yoshlarning startap loyihalarini ishlab chiqish, biznes-reja tuzish, marketing strategiyasini shakllantirish va moliyaviy savodxonligini oshirishga ko‘mak berilmoqda. Natijada, bugungi kunga kelib 1175 ta startap loyihasi muvaffaqiyatli ishlab chiqilgan va amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Shuningdek, texnoparklarda geologiya, robototexnika, mexatronika, sun’iy intellekt, qishloq xo‘jaligi, dasturlash va raqamlashtirish kabi yo‘nalishlarda loyihalar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, 30 dan ortiq marketing va konsalting xizmatlari, zamonaviy texnik jihozlar orqali o‘quv va ishlab chiqarish faoliyatiga ko‘maklashish, mobilografiya va “SMM” xizmatlarini rivojlantirish imkoniyatlari yaratilgan.
Eng muhimi, ushbu texnoparklar orqali 60 mingdan ziyod yoshlar innovatsion ta’lim jarayonlariga jalb etildi. Ular o‘z g‘oyalari asosida amaliy mahsulotlar yaratish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va startap loyihalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Xulosa qilib aytganda, Yoshlar texnoparklari bugungi kunda nafaqat ilmiy-texnik ijodkorlik markazi, balki yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqaruvchi, ularni kelajak kasblariga tayyorlovchi muhim maydonga aylandi.







