Namangan aeroportida “iPhone”chilar ushlandi
Quvayt va Jiddadan kelgan yo‘lovchilar telefonlarni boshqa shaxs iltimosiga ko‘ra olib kirmoqchi bo‘lishgan.

Namangan viloyati bojxona boshqarmasining “Namangan aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan uyali aloqa vositalarini respublikaga yashirincha olib kirish bilan bog‘liq bir nechta urinishlar fosh etildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Dastlab, Quvaytdan uchib kelgan bir guruh yo‘lovchilar o‘zlariga tegishli bo‘lmagan, umumiy qiymati 160 million so‘mlik 8 dona “iPhone 17” rusumli mobil telefonlarni boshqa shaxs iltimosiga ko‘ra bojxona nazoratidan yashirincha olib kirishga uringani aniqlanib, ular to‘xtatib qolindi.
Keyingi holatda, Jiddadan Umra ziyoratidan qaytayotgan yo‘lovchilardan biri bojxona nazoratidan o‘tmasligiga ishonib, 5 dona “iPhone 17” telefonini noqonuniy olib kirishga uringan vaqtida fosh etildi.
Yana bir urinishda esa bir fuqaro Jidda–Namangan reysi yo‘lovchilari orasida 10 dona “iPhone 17” telefonini tarqatib, ularni “shaxsiy foydalanish” sifatida rasmiylashtirib, bojxonadan yashirincha olib o‘tmoqchi bo‘lgan. Ammo, aeroport avtoturargohida telefonlarni yo‘lovchilardan qayta yig‘ib olayotgan vaqtida ushbu harakat fosh qilindi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.







