Toshkent va uning atrofida havoning ifloslanishi sabab ekologik reydlar boshlandi
Issiqxonalar keskin nazoratga olindi.

Toshkent shahri va unga yaqin hududlarda havoning sifati yomonlashgani sababli ekologik nazorat kuchaytirildi. Havoni ifloslantirishi mumkin bo‘lgan manbalarni aniqlash, sanitariya va ekologik talablarga rioya etilishini tekshirish maqsadida keng ko‘lamli reydlar yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tekshiruvlar Bosh prokuror o‘rinbosari boshchiligida ekologiya, sanitariya-epidemiologiya xizmati, hokimlik, Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari ishtirokida olib borilmoqda. Zangiota tumanida o‘tkazilgan reydlarda issiqxonalar faoliyati atroflicha ko‘zdan kechirilib, aniqlangan qoidabuzarliklarga nisbatan choralar ko‘rilmoqda.
Reydlarning asosiy vazifasi havoga zarar yetkazuvchi omillarni bartaraf etish, ekologik vaziyatning yanada og‘irlashishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda aholiga sog‘lom atmosferani ta’minlashdan iborat.
So‘nggi kunlarda poytaxt aholisi orasida qalin tuman, achchiq yonish hidi va havoning og‘irligi yuzasidan shikoyatlar ko‘paygan. Fuqarolar ayniqsa kechki va ertalabki paytlarda havodagi noxush hid kundalik hayotga sezilarli noqulaylik tug‘dirayotganini ta’kidlashmoqda.







