OAV: Eron–Isroil o‘rtasida yangi urush ehtimoli kuchaymoqda
Tehron hujum sodir bo‘lsa, bir vaqtda 2 ming raketa uchirish bilan javob berishini ogohlantirdi.

The New York Times yozishicha, Eron va Isroil o‘rtasida harbiy to‘qnashuv ehtimoli keskin ortib bormoqda. Nashrning ta’kidlashicha, Eronga nisbatan qat’iy sanksiyalarning qayta joriy etilishi va Tehronning yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarning to‘xtab qolishi mintaqada vaziyatni yanada keskinlashtirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron rasmiylari boyitilgan uran zahiralari oldingi hujumlarda zarar ko‘rganini bildirgan. Biroq Isroil ushbu materiallar xavfsiz joyga ko‘chirilganini taxmin qilmoqda. Shu bilan birga, Eronning uran boyitish bo‘yicha yangi obyekt qurayotganiga oid taxminlar ham kuchaygan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, hozirgi notinch vaziyat mintaqada xavfli taranglikni yuzaga keltirmoqda. Isroil uzoq yillardan buyon Eronning yadro dasturini o‘z milliy xavfsizligi uchun xavf deb hisoblab keladi. Fors ko‘rfazidagi ayrim davlatlar esa vaziyat Isroil tomonidan Eron hududiga yangi harbiy zarba berilishiga deyarli asos yaratganini ta’kidlamoqda.
Eron tomonining ogohlantirishicha, agar Isroil tomonidan harbiy hujum amalga oshirilsa, Tehron keskin javob qaytaradi va bir vaqtning o‘zida 2 mingta raketa uchirilishi mumkinligini ma’lum qilgan. Xalqaro Inqiroz Guruhi Eron bo‘yicha loyihalar direktori Ali Vaezning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi raketa zavodlari kecha-yu kunduz ish olib bormoqda.







