O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajada oshdi
Bir oyda 4,3 mlrd dollarlik o‘sish qayd etildi, oltin hajmi va qiymati ham oshdi.

2025-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy xalqaro zaxira aktivlari 59,3 mlrd dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich mamlakat tarixida qayd etilgan eng yuqori natija hisoblanadi. Mazkur ma’lumot Markaziy bankning “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro zaxiralari to‘g‘risidagi hisoboti”da keltirildi.
Joriy yilda zaxiralarning sezilarli oshishi, asosan, xalqaro bozorda oltin narxlarining yil boshidan buyon qariyb 50 foizga oshgani bilan izohlanadi. Natijada O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari bir oy davomida 4,3 mlrd dollarga, yil boshidan buyon esa taxminan 18,2 mlrd dollarga ko‘paydi.
Zaxiralar tarkibidagi o‘sish dinamikasi:
- Valyuta aktivlari oktabr oyida 731 mln dollarga oshgan.
- Oltin zaxiralari qiymati esa 3,6 mlrd dollarga ko‘tarilib, 47,8 mlrd dollarga yetgan.
- Oltinning jismoniy hajmi ham ortgan — 11,6 mln troya unsiyadan 11,9 mln troya unsiyaga ko‘paygan.
Shuningdek, Markaziy bank balansidagi qimmatli qog‘ozlar portfeli qiymati ham o‘tgan oy davomida biroz oshib, 1 mlrd 23 mln dollarga yetdi.
Oltin narxlarining keskin ko‘tarilishi global geosiyosiy vaziyat, xalqaro moliya bozorlaridagi beqarorlik va AQSh Federal Rezerv tizimi siyosatidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lgani ta’kidlanmoqda.







