Pokiston poytaxtida portlash yuz berdi
Hodisa oqibatida 10 dan ortiq odam halok bo‘lgan.

Pokiston poytaxti Islomobodda yuz bergan portlash oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi va 21 kishi jarohatlandi. Bu haqida politsiya manbalariga tayanib, Geo News nashri xabar bermoqda.
Hodisa joyi darhol xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘rab olinib, favqulodda xizmatlar jabrlanganlarni shifoxonalarga yetkazdi. Portlash sababi hozircha nomaʼlum.
“Portlovchi qurilmaning turi hali aniqlanmoqda. avtomobilga o‘rnatilgan bomba bo‘lishi ehtimoli ko‘rib chiqilmoqda. Kriminalistik va sud-tibbiy ekspertiza xulosasidan so‘ng batafsil maʼlumot beramiz”, deydi politsiya vakili.
Mutaxassislarga ko‘ra, portlash huquqni muhofaza qilish tizimiga bosim o‘tkazish yoki jamoatchilikda qo‘rquv uyg‘otish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin.
So‘nggi yillarda Pokiston xavfsizlik kuchlari terrorchilikka qarshi operatsiyalarni kuchaytirgan bo‘lsada, mamlakatning ayrim hududlarida jangari guruhlar hali faol.







