Qozog‘istonda 2026-yil Ramazon oyining boshlanish sanasi e’lon qilindi
Unga ko‘ra, muqaddas Ramazon oyi 19-fevral kuni boshlanishi kutilmoqda.

Qozog‘iston Musulmonlari diniy boshqarmasi (QMDB) 2026-yil uchun muhim diniy sanalar taqvimini e’lon qildi. Unga ko‘ra, muqaddas Ramazon oyi 19-fevral kuni boshlanishi kutilmoqda.
Ramazon — musulmonlar uchun ruhiy poklanish, ro‘za tutish, ibodat va xayr-ehsonlarga alohida e’tibor qaratiladigan oy bo‘lib, qamariy taqvim asosida 29–30 kun davom etadi. 2026-yilda Ramazon oyining yakuni 20-martdagi Ramazon hayiti bilan nishonlanadi.
Taqvimda quyidagi sanalar belgilangan:
- Qadr kechasi — 16–17 mart oralig‘ida;
- Ramazon hayiti — 20 mart;
- Qurbon hayiti — 29 may
QMDB mazkur sanalar xalqaro astronomik markazlar hisob-kitoblariga tayangan holda belgilanganini, biroq yangi oy ko‘rinishiga qarab o‘zgarish ehtimoli mavjudligini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda esa Ramazon va diniy bayramlar sanasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan oy chiqishi (hilol kuzatuvi) asosida aniqlanadi. Shuning uchun Qozog‘iston e’lon qilgan sanalar o‘zbek taqvimidan farq qilishi mumkin.







