Suriya AQSH boshchiligidagi IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shildi
Suriya yangi strategik bosqichga kirib, AQSH bilan iqtisodiy va xavfsizlik hamkorligini kuchaytirishni maqsad qilmoqda.

Suriya Respublikasi Prezidenti muvaqqat lavozimida turgan Ahamd al-Shara mamlakatning AQSH bilan yangi rivojlanish strategiyasiga asoslangan siyosat olib borayotganini ma’lum qildi. Prezident Fox News telekanaliga bergan intervyusida Suriya hozirda Qo‘shma Shtatlarning geosiyosiy ittifoqchisi sifatida qaralishini ta’kidladi.
Al-Shara so‘zlariga ko‘ra, AQSH Suriya hududlariga, xususan, gaz sohasiga investitsiya yo‘naltirish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin. Shuningdek, Suriya hukumati mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi va infratuzilmasini mustahkamlashga qaratilgan investitsiya istiqbollarini muhokama qilmoqda.
Suriya muvaqqat hukumatining Axborot vaziri Hamza Mustafo ma’lum qilishicha, mamlakat AQSH boshchiligidagi “IShID” terror tashkilotiga qarshi xalqaro koalitsiyaga rasmiy qo‘shildi. Bu haqda vazir Donald Tramp va Suriya Prezidenti Ahmad ash-Sharaning Oq Uyda o‘tkazilgan uchrashuvidan so‘ng ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, bu qaror orqali Suriya terrorizmga qarshi kurashdagi hamkor sifatidagi o‘z rolini mustahkamladi hamda mintaqaviy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shdi. Shu bilan birga, kelishuvning faqat siyosiy xarakterga ega ekanligi, unda harbiy jihatlar mavjud emasligi qayd etildi.







