O‘zbekistonda chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlash holatlari 10 mingga yaqinlashdi
Ekologiya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan buyon aniqlangan huquqbuzarliklarning aksariyati Andijon va Namangan viloyatlarida qayd etilgan.

2025-yil boshidan noyabr oyigacha O‘zbekistonda chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq deyarli 10 mingta holat aniqlangan. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bu holatlar respublika bo‘ylab o‘rnatilgan onlayn IP-kameralar orqali qayd etilganini ma’lum qildi.
Huquqbuzarliklarning qariyb 40 foizi transport vositalari, qolgan qismi esa fuqarolar tomonidan sodir etilgan. Eng ko‘p qonunbuzarliklar Andijon (3001 ta) va Namangan (2937 ta) viloyatlarida qayd etilgan bo‘lsa, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent viloyatlari ham “yetakchi”lar qatorida. Shu paytgacha 2 mingdan ortiq shaxsga jarima qo‘llanilgan, yana 7,5 mingdan ortiq holat bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, jami 956 million so‘mdan ziyod jarima undirilgan. Mutasaddilar fikricha, bu kabi onlayn kuzatuv tizimlari nafaqat chiqindi tashlash, balki boshqa ekologik huquqbuzarliklarning oldini olishga ham yordam beradi.







