O‘zbekistonda yurish masofasi o‘zgartirilgan avtomobillarni sotganlik uchun jarima belgilanishi mumkin
Qonun loyihasi 2025-yil 20-noyabrgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

O‘zbekistonda odometri (yurish masofasi o‘lchagichi) o‘zgartirilgan avtomobillarni xaridorni ogohlantirmasdan sotganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi kutilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ishlab chiqqan tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Hujjatda so‘nggi yillarda ishlatilgan avtomobillar bozorida odometr ko‘rsatkichlarini sun’iy ravishda kamaytirish, ya’ni avtomobilning haqiqiy yurgan masofasini yashirish orqali uni yuqoriroq narxda sotish holatlari ortib borayotgani ta’kidlangan.
Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks “Transport vositasining odometr ko‘rsatkichlari o‘zgartirilganligi yoki odometr almashtirilganligi to‘g‘risida xabar bermaslik” nomli yangi 121-1-modda bilan to‘ldiriladi.
Unga muvofiq, agar sotuvchi xaridorni qurilma almashtirilgan yoki uning ko‘rsatkichlari o‘zgartirilganligi haqida ogohlantirmasa, u 10 dan 15 gacha asosiy hisob birligi miqdorida — 4,12 million so‘mdan 6,18 million so‘mgacha jarimaga tortilishi mumkin.
Tashabbus mualliflari bu norma iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishga, ikkilamchi avtomobil bozorida firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilish holatlarining oldini olishga xizmat qilishini qayd etishgan.
Qonun loyihasi 2025-yil 20-noyabrgacha jamoatchilik muhokamasi uchun ochiq.








