Saida Mirziyoyeva Xolid Al-Ananiyni YUNESKO Kotibiyati Bosh direktori lavozimiga tayinlangani munosabati bilan tabrikladi
Shuningdek, Gayane Umerova YUNESKO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi raisi etib saylandi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva doktor Xolid Al-Ananiyni YUNESKO Kotibiyati Bosh direktori lavozimiga tayinlangani munosabati bilan tabrikladi.
“O‘zbekiston YUNESKOning tinchlik, ta’lim va o‘zaro madaniyatlar almashinuvi yo‘lidagi ishonchli hamkori bo‘lishda davom etmoqda,” — dedi Saida Mirziyoyeva.
U, shuningdek, YUNESKO Kotibiyatiga samarali hamkorlik uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu tarixiy tadbirni Buyuk Ipak yo‘li markazida o‘tkazish tashabbusini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagani uchun barcha a’zo davlatlarga samimiy minnatdorlik izhor etdi.
Shuningdek, Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyaga a’zo davlatlar O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi raisi Gayane Umerovani YUNESKO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi raisi etib sayladilar.
Gayane Umerova madaniy meros va zamonaviy san’atni targ‘ib etish, O‘zbekistonning xalqaro madaniy ishtirokini kengaytirish, madaniy diplomatiyani rivojlantirish hamda milliy merosni asrab-avaylash va ommalashtirish borasidagi tashabbuslari uchun alohida e’tirof etildi.
Samarqandda o‘tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi O‘zbekistonning xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi faol sa’y-harakatlari e’tirofi sifatida tarixda o‘z o‘rnini egalladi.








