“Dunyo okeanlarida milliard barrel neft to‘planib qolgan” — Bloomberg
Sanksiyalar va transport cheklovlari sababli Rossiya, Venesuela va Eron nefti dengiz tankerlarida uzoq vaqt saqlanib qolmoqda.

Bloomberg agentligining ma’lumot berishicha, yoz oylaridan buyon dunyo okeanlarida tankerlar ichida saqlanayotgan neft hajmi keskin ortib, bir milliard barrelga yetgan. Tahlillarga ko‘ra, ushbu neft zaxirasining qariyb 40 foizini Rossiya, Venesuela va Eron yoki kelib chiqishi noaniq neft tashkil etadi.
Agentlikka ko'ra, tankerlar ichidagi neftning asosiy qismi Rossiyaga tegishli. So‘nggi haftalarda Moskva OPEK kelishuvlari doirasida qazib olish hajmini oshirgani tufayli dengiz orqali eksport ko‘lami ham kengaygan. Shu bilan birga, Ukraina hujumlari xavfi sababli Rossiya nefti ayrim hollarda qayta ishlash zavodlaridan eksport terminallariga yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkin.
G‘arb davlatlarining sanksiyalari ta’sirida ko‘plab portlar Rossiya neftini tashiyotgan tankerlarni qabul qilmayapti. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oxiriga kelib, tankerlar ichida saqlanayotgan Rossiya nefti hajmi qariyb 390 million barrelga yetgan.







