O‘zbekistonda talabalar soni besh yilda 2,2 baravar oshdi
Toshkent shahri va Buxoro viloyati talabalarning eng katta qismini tashkil etmoqda, eng kam ko‘rsatkich esa Sirdaryo viloyatida qayd etildi.

Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilida mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalariga 381,7 ming nafar talaba qabul qilingan. Bu ko‘rsatkich 2020/2021 o‘quv yilidagi natijalarga nisbatan 2,2 barobar ko‘pdir.
Joriy yilda talabalarning 196,7 ming nafari qizlar, 185 ming nafari o‘g‘il bolalardir. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, oliy ta’limda tahsil olayotgan qizlar soni o‘g‘il bolalarnikidan 12 ming nafarga ortiq.
Hududlar kesimida Toshkent shahri 155,2 ming nafar talaba bilan yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda Buxoro (31,5 ming), Toshkent viloyati (27 ming) va Samarqand viloyati (21,2 ming) joylashgan.
Eng kam talaba soni esa Andijon (12,5 ming), Navoiy (9,2 ming), Jizzax (6,3 ming) va Sirdaryo (5,3 ming) viloyatlarida qayd etilgan.
Mutaxassislarning fikricha, oliy ta’lim muassasalari sonining ko‘payishi, qabul kvotalarining kengayishi hamda ta’limga kirish imkoniyatlarining oshirilishi yoshlar orasida oliy ta’limga qiziqishni sezilarli ravishda kuchaytirdi.







