AQSh “urush” boshlaganini e'lon qildi
Operatsiya AQSH Qurolli kuchlari va Janubiy qo‘mondonlik boshchiligida olib borilmoqda.

AQSH Urush vaziri Pit Hegset G‘arbiy yarimsharda narkoterroristlarga qarshi “Southern Spear” (Janubiy nayza) nomli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Operatsiya AQSH Qurolli kuchlari va Janubiy qo‘mondonlik boshchiligida olib borilmoqda. Vazirning ma’lum qilishicha, missiya narkoterroristlarni hududdan chiqarib, xalqni zararli narkotiklardan himoya qilishga qaratilgan.
Oldinroq, AQSHning eng yirik aviatsiya kemasi USS Gerald R. Ford Lotin Amerikasi va Karib dengizi hududiga yetib borib, mintaqadagi harbiy mavjudlikni kuchaytirdi. Kemaning bortida 4 mingdan ortiq harbiy xizmatchi, zarba beruvchi samolyotlar va harbiy vertolyotlar mavjud.
AQSH Qurolli kuchlari sentyabrdan buyon Venesueladagi dengiz nishonlariga zarbalar berib kelmoqda. Operatsiya doirasida narkotrafikka aloqador ob’ektlarga zarba berish, yuqori martabali shaxslarni qo‘lga olish yoki to‘liq miqyosli harbiy harakatlar rejalashtirilgan.
AQSHning rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, barcha harakatlar narkotrafikka qarshi kurash maqsadida amalga oshirilmoqda va G‘arbiy yarimsharda mamlakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.







