O‘zbekistonda 25,5 mingdan ortiq ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi shaxslar ro‘yxatga olindi
Ko‘rish imkoniyati cheklanganlar bo‘yicha yangilangan statistika taqdim etildi.

Ijtimoiy himoya qilish milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 1-noyabr holatiga mamlakatda 25,5 mingdan ortiq ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan shaxslar istiqomat qilmoqda.
Agentlik ushbu toifa fuqarolarning mustaqil hayot kechirishini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va bandlik imkoniyatlarini kengaytirish, jamiyatga to‘laqonli integratsiyalashuvini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni olib bormoqda.
Hozirga qadar 340 ta ijtimoiy, kommunal va tijorat ob’ektida to‘siqsiz muhit yaratildi, taktil qoplamalar o‘rnatildi. Shuningdek, 18 ta yirik chorraha va 753 ta svetofor ovozli signalizatsiya bilan jihozlandi.
Mamlakatdagi 17 ta maxsus maktabda uch mingdan ortiq ko‘zi ojiz yoki zaif ko‘ruvchi o‘quvchi ta’lim olmoqda.
2025-yilning 10 oyi davomida 7 756 nafar fuqaroga reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilib, ko‘z protezlari, Brayl alifbosi va yozuvlari, tonometrik, harorat o‘lchovchi ovozli qurilmalar hamda ovozli glyukometrlar bilan ta’minlash ishlari amalga oshirildi.
Bundan tashqari, 13 ming 400 nafar ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan fuqaro shaxmat, shashka, goalbol, 5x5 futbol kabi turli sport yo‘nalishlari bilan shug‘ullanmoqda.








