Tailandda rossiyalik “jahon toifasidagi xaker” qo‘lga olindi
AQSh rasmiylari uning ekstraditsiyasini talab qilmoqda.

Tailand kiberpolitsiyasi Federal qidiruv byurosi (FQB) bilan hamkorlikda AQSh va Yevropa davlat tizimlariga kiberhujumlarda gumon qilinayotgan 35 yoshli Rossiya fuqarosini qo‘lga oldi. AQSh rasmiylari uning ekstraditsiyasini talab qilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi 6-noyabr kuni Pxuket orolida o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida hibsga olingan. U 30-oktabrda mamlakatga kirgan bo‘lib, Talang tumanidagi mehmonxonalardan birida yashab kelgan.
Tintuv chog‘ida undan noutbuklar, mobil telefonlar va kriptovalyuta hamyonlari topildi. Uning kriptovalyuta hisoblarida 14 million bahtdan (qariyb 432 ming dollar) ortiq mablag‘ muzlatilgan. Tailand kiberpolitsiyasi bu mablag‘lar kiberfiribgarlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Gumonlanuvchining ismi rasman e’lon qilinmagan. Biroq xalqaro OAV ma’lumotlariga ko‘ra, FQB bazalarida 35 yoshli rossiyalik kiberjinoyatchi sifatida faqat bir shaxs – Murmansk viloyatida tug‘ilgan, Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi (GRU)ning 26165-harbiy qismida xizmat qilgan katta leytenant Aleksey Lukashev qidiruvda bo‘lgan.
U APT28 (Fancy Bear) guruhi tarkibida 2016-yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga aralashish, Demokratik partiya serverlarini buzish va boshqa qator yirik kiberhujumlarda ishtirok etganlikda ayblanmoqda.
Tailand rasmiylari uni AQShga ekstraditsiya qilish jarayoniga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi. Rossiyaning Pxuketdagi Bosh konsulxonasi hibsga olingan shaxs bilan uchrashish bo‘yicha ruxsat olishga urinmoqda.







