Tramp ma’muriyati vizani rad etish shartlarini kengaytirdi
AQSh Davlat departamenti viza berish tartibini yangilab, saraton, semirish, diabet kabi kasalliklarni rad etish omillari qatoriga kiritdi.

AQSh Davlat departamenti viza berish mezonlarini yangilab, saraton, semirish, diabet, yurak-qon tomir kasalliklari va boshqa bir qator tibbiy holatlarni arizaga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillar qatoriga kiritdi. The Washington Post yozishicha, diplomatik vakolatxonalarga yuborilgan 6-noyabrdagi yo‘riqnomada ushbu shaxslar kelajakda davlat moliyaviy yordamiga muhtoj bo‘lish ehtimoli tufayli “potensial yuk” sifatida baholanishi mumkinligi qayd etilgan.
Ko‘rsatmada viza berishda arizachining yoshi, sog‘liqqa oid holati, qaramog‘idagi shaxslar soni, ularning maxsus ehtiyojlari yoki nogironligi kabi mezonlar ham hisobga olinishi belgilangan. Shuningdek, arizachining AQShda bo‘lish davri davomida davlat hisobidan tibbiy xizmatga muhtoj bo‘lmasdan, zarur davolanish xarajatlarini mustaqil qoplash imkoniyati mavjudligi tekshirilishi shartligi ta’kidlangan.
Davlat departamenti mansabdorlariga ko‘ra, hujjat odatiy ekspertlar tomonidan baholanish jarayonidan o‘tmagan holda siyosiy rahbariyat tomonidan tayyorlangan. Mutaxassislar fikricha, yangi tartib immigratsion va noimmigratsion vizalarga birdek taalluqlidir hamda ko‘proq doimiy yashash istagidagi shaxslar uchun keskin ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, bu siyosat “soliq to‘lovchilar zimmasiga ortiqcha moliyaviy yuk tushishini oldini olish”ga qaratilgan. Prezident Donald Tramp ma’muriyati ushbu siyosatni to‘liq kuchga kiritayotganini bildirgan. So‘nggi oylarda AQSh immigratsiya qoidalarini yanada qat’iylashtirib, vizaga murojaat qilish joyi bo‘yicha cheklovlar, ayrim davlatlar fuqarolari uchun qo‘shimcha tartiblar hamda yangi to‘lovlar joriy etdi.







