Yaponiya O‘zbekistonga 5,7 mln dollarlik tibbiy uskunalar yetkazib beradi
Grant dasturi doirasida respublika bo‘ylab tuman tibbiyot birlashmalari mammografiya apparatlari bilan ta’minlanadi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Yaponiyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi bilan uchrashdi. Uchrashuvda Yaponiya hukumatining grant dasturi asosida mammografiya apparatlari yetkazib berish loyihasi haqida ma’lumot berildi. Loyiha qiymati 5,7 million dollarni tashkil etadi.
Mazkur tashabbus 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, mamlakatda ayollarda ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash tizimini kengaytirishga qaratilgan. Mammografiya uskunalari respublika bo‘yicha tuman tibbiyot birlashmalariga bosqichma-bosqich topshiriladi. Loyiha “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv doirasida tomonlar grant dasturi asosida jihozlarni yetkazib berish bo‘yicha memorandum imzoladi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda ko‘krak bezi saratonini erta bosqichlarda aniqlashga xizmat qiluvchi sun’iy intellekt dasturlari soni ortib borayotgani qayd etildi — hozirda bu kabi amaliyotlar 43 taga yetgan.







