Efiopiyada xavfli Marburg virusi tarqalmoqda
Janubiy Sudan bilan chegaradosh hududda to‘qqiz kishi, jumladan tibbiyot xodimlari virusga chalinib, mamlakatda favqulodda sanitariya choralari kuchaytirildi.

Efiopiyada Marburg virusining birinchi holati rasmiy ravishda tasdiqlandi. Ushbu yuqumli kasallik janubiy mintaqada, Janubiy Sudan bilan chegaradosh hududda qayd etildi, va to‘qqiz kishi, jumladan, tibbiyot xodimlari virusga chalingan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qilishicha, aniqlangan virus oldingi Sharqiy Afrika epidemiyalari bilan o‘xshashdir. Favqulodda vaziyatlarga javoban JSST Efiopiyaga 300 ming dollar miqdorida yordam va zarur tibbiy vositalarni yubordi.
Shu bilan birga, mamlakat chegaralarida sanitariya va karantin nazorati kuchaytirildi. Marburg virusini aniqlash uchun maxsus test tizimi yo‘lga qo‘yildi, shuningdek kasallikdan himoya qiluvchi vaktsina ishlab chiqish ishlari davom etmoqda.







