“Janubiy Amerika navbatdagi G‘azo bo‘lishini istaysizmi?” — Maduro
Venesuela prezidenti AQSHning Karib mintaqasidagi harbiy faolligini keskin tanqid qildi.

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Karakasda bo‘lib o‘tgan xalqaro huquqshunoslar yig‘ilishida AQSHning Karib mintaqasidagi harbiy faolligini keskin tanqid qildi. U Amerika xalqiga murojaat qilib, Vashingtonning siyosati Venesuelani emas, balki butun Lotin Amerikasini nishonga olayotganini aytdi.
“G‘azo fojiasi butun dunyoni larzaga soldi. Har kuni ayollar va bolalar qurbon bo‘lmoqda. Siz Janubiy Amerikada ham shunday vaziyatni ko‘rishni istaysizmi?”, — dedi Maduro. U Karib dengizidagi harbiy harakatlar mintaqada keskinlikni kuchaytirishi va katta fojiaga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Venesuela rahbarining so‘zlariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp farmoni asosida narkokartellarga qarshi kurash bahonasida mintaqaga suvosti kemasi va harbiy kemalar joylashtirilgan. Bunga javoban Karakas 4,5 millionlik harbiy kuchlarni safarbar qilgan hamda keng ko‘lamli mashg‘ulotlarni boshlagan.
Maduro suverenitet va tinchlikni himoya qilishga tayyorligini aytar ekan, uning chiqishi yig‘ilganlar tomonidan olqish bilan kutib olindi. Shu bilan birga, Karibdagi vaziyat xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortishda davom etmoqda.







