Nukusda salkam 6 ming litr alkogol mahsulotlari yo‘q qilindi
Maʼlum bo‘lishicha, ular qo‘lbola usulda ishlangan va hech qanday standart talablarga javob bermaydi.

So‘nggi vaqtlarda alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilib, salomatli zarar yetkazgan yoki shunday mahsulotlar sabab vafot etgan shaxslar haqidagi xabarlar ko‘p tarqalmoqda.
Shunga qaramasdan, insonning kuchli zaharlanishiga hattoki o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan qo‘lbola ishlangan, hech bir standart talablariga javob bermaydigan spirtli ichimliklarni isteʼmolchilarga yetkazib berish va ularni aldab sotish holatlari ming afsuski uchrab turibdi.
Xususan, Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi ish yurituvida mavjud bo‘lgan, Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning qarorlariga asosan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan olib qo‘yilgan 5 888 litr alkogol mahsulotlari va 2 193 litr etil spirtini yo‘q qilish belgilangan.
Ushbu sud qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va Nukus shahar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari natijasida yo‘q qilinishi belgilangan mahsulotlar tegishli idoralar xodimlari ishtirokida joriy yilning 12 noyabr kuni yo‘q qilinib, sud qarorlari ijrosi amalda taʼminlandi.







