Tramp: Umrimda hech qachon ichmaganman
AQSH prezidenti hayoti davomida umuman alkogol va narkotik moddalar tatib ko‘rmaganini aytdi.

AQSHning prezidenti Donald Tramp spirtli ichimliklarni umrida tatib ko‘rmaganini aytdi. Uning maʼlum qilishicha, bu qaror oilasidagi fojiali voqealar bilan bog‘liq.
Uning akasi — Fred Tramp Junior — yoshligidan alkogol muammosiga duchor bo‘lgan va 1981 yilda aynan shu muammo oqibatida vafot etgan. Tramp intervyularida akasi doim unga “ichma” deb maslahat berganini, shu sababli umri davomida biror bokal alkogol ham ichmaganini qayd etgan.
“Men umrimda umuman ichmaganman. Agar ichganimda, dunyodagi eng yomon odam bo‘lib ketar edim”, — degan u o‘z chiqishlarida.
Tramp sigareta ham chekmaganini, bu qarorni o‘zini nazorat qilish va sog‘lig‘ini asrash istagi bilan bog‘laydi. Uning taʼkidlashicha, alkogol inson hayotini izdan chiqarishi, oilalarni vayron qilishi mumkin.







