O‘zbekiston 2035-yilgacha issiqxona gazlari tashlamalarini 50 foizga kamaytirishni rejalashtirmoqda
BMT konferensiyasida O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi maqsadlari e’lon qilindi.

Braziliyaning Belen shahrida BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha xalqaro konferensiyasi (CoP30) doirasida yuqori darajadagi segment bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov nutq so‘zladi.
Vazir nutqida Markaziy Osiyoning iqlim o‘zgarishiga nisbatan yuqori darajadagi zaifligini, yerlarning degradatsiyasi kuchayib borayotganini va suv resurslarining qisqarayotganini ta’kidladi. Shuningdek, mintaqada harorat allaqachon 2,2 °C ga ko‘tarilganini va muzliklar har yili hajmining 0,5 foizigacha yo‘qotilayotganini aytib o‘tdi.
Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasining Milliy miqyosda belgilangan hissalar (MMBH) bo‘yicha yangi maqsadini e’lon qildi — 2010-yilga nisbatan 2035-yilgacha YAIM birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 50 foizga kamaytirish.
Shuningdek, vazir qayta tiklanuvchi energiya, o‘rmonzorlarni kengaytirish, chiqindilarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish rejalari haqida so‘zladi. “Green University” tashabbusi va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha tashkil etilayotgan mintaqaviy markazning ahamiyati ham alohida ta’kidlandi.
Yakunda Aziz Abduhakimov ishtirokchilarni 2026-yil 31-may – 5-iyun kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan GEFning 8-Assambleyasi va "Eco Expo Central Asia" ko‘rgazmasiga taklif qildi.







