Sergey Shoyguga nisbatan rejalashtirilgan suiqasdning oldi olindi
Suiqasd Shoygu qarindoshlari qabrini ziyorat qilgan vaqtda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoyguga qarshi uyushtirilishi rejalashtirilgan suiqasdning oldi olingani haqida “Moskovskiy komsomolets” nashri manbalarga tayanib xabar berdi.
Federal xavfsizlik xizmati (FXX) 14-noyabr kuni Troyekurovo qabristonida yuqori martabali amaldorlardan biriga suiqasd uyushtirishga urinish fosh etilganini ma’lum qildi. FXX bayonotida amaldorning ismi ochiqlanmagan, biroq hujum “Ukraina topshirig‘i bilan” uning yaqin qarindoshlari qabrini ziyorat qilgan vaqtida sodir etilishi rejalashtirilgani qayd etilgan.
Tergov doirasida bir nechta shaxs, jumladan er-xotin qo‘lga olingan. Ularning ko‘rsatmalariga ko‘ra, ular internet orqali “Ruslan” ismli shaxs bilan tanishgan va uning topshirig‘i bilan qabristondagi bir qabr yoniga gul solingan guldon qo‘yib ketishlari kerak bo‘lgan. Guldon ichida kamera va, taxminlarga ko‘ra, portlovchi moslama bo‘lgani aytilmoqda. Vazifani bajarish evaziga ularga metadon berilishi va’da qilingan.
Gumondorlar topshiriqni bajargach, uylariga qaytayotganida qo‘lga olingan.
Ma’lum qilinishicha, Troyekurovo qabristonida Sergey Shoyguning ota-onasi — Kujuget Sereyevich va Aleksandra Yakovlevna, shuningdek 2021-yilda vafot etgan singlisi Larisa Shoygu dafn etilgan. Onasining vafot etgan kuni 12-noyabr bo‘lib, taxminlarga ko‘ra, suiqasd aynan shu sanada amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Qabriston xodimining ma’lum qilishicha, portlovchi qurilmalarni aniqlash bo‘yicha mutaxassislar masofadan boshqariladigan maxsus traktorni aynan Shoygu ota-onasi qabr joylashgan maydonga yo‘naltirgan. Xavfsizlik kengashi hodisa yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.







