Bo‘stonliqda mototsikl ishtirokida fojiali YTH yuz berdi
Yuqori tezlikda harakatlangan mototsiklchi voqea joyida halok bo‘lgan.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida 23 noyabr kuni tushdan keyin D012 “Bektemir–Chorbog‘” yo‘lining 64-kilometrida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1982 yilda tug‘ilgan Toshkent shahri fuqarosi “Honda” rusumli mototsiklda yuqori tezlikda harakatlanayotganda boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetidagi to‘siqqa urilgan. Hodisa oqibatida haydovchi voqea joyida halok bo‘lgan.
Bo‘stonliq tumani IIB tergov bo‘limi mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan jinoyat ishini qo‘zg‘atdi.
Toshkent viloyati IIBB barcha haydovchilarni tezlik qoidalariga qat’iy amal qilishga, yo‘l harakati xavfsizligini doimo ustuvor qo‘yishga chaqirdi.







