O‘zbekistonda organ transplantatsiyasi uchun tibbiy ma’lumotnoma berish tartibi tasdiqlandi
Retsipient va donor davlat tibbiyot muassasalarida uch oy ichida ko‘rikdan o‘tishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, endilikda inson a’zolari transplantatsiyasi uchun retsipient va donorlarga tibbiy ma’lumotnoma berish tartibi rasmiylashtirildi.
Transplantatsiya jarayonida ishtirok etuvchi shaxslar uch oy muddat ichida davlat tibbiyot muassasalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Ruxsatnoma Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, muassasalar huzuridagi tibbiyot hay’ati tomonidan beriladi.
Tibbiyot hay’ati retsipientning jarrohlik amaliyotiga ehtiyoji va donorning sog‘lig‘ini baholaydi. Hay’at xulosa chiqarishi yoki ma’lumotnoma berishdan bosh tortishi mumkin.
Shuningdek, agar transplantatsiya natijasida retsipient yoki donorda ko‘rish, nutq, eshitish, ruhiy holat yoki mehnat qobiliyati 33 foizdan ortiq zarar ko‘rishi mumkin bo‘lsa, tibbiyot hay’ati xulosa bermaydi.








