O'zbekiston

Rossiyalik aktyor o‘zbek xalqining tuzini yeb, tuzlug‘iga tupurdimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik aktyorning rus tilida noto‘g‘ri talaffuz bilan so‘zlagan o‘zbek erkakni masxara qilib gapirgani keng muhokama va tanqidlarga sabab bo‘ldi. O‘zbek faollari rus aktyorni yaxshigina “savalamoqda” Hech qayerda kutilmayotgan, jo‘g‘rofiyasi torayib borayotgan mana shunday ajnabiy artistlarni yurtimizga tashrifini kamaytirish payti keldi!” - deydi Shurzodxon Qudratxo‘ja. "Mana, ardoqlashning oqibati… O‘laylik bu kunimizdan. Kelmasin bunaqalarning hech qaysi pok tuproqlarimizga”, — deya yozadi jurnalist Sardorbek Usmoniy.

Rossiyalik aktyor o‘zbek xalqining tuzini yeb, tuzlug‘iga tupurdimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik kino aktyor Sergey Bezrukovning o‘zbekistonlik erkakning talaffuzini taqlid qilgani aks etgan videolar bir necha oy o‘tib, jamoatchilik orasida o‘tgan haftada eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biriga aylandi.

 

Bezrukovning “TASS”da bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanidagi nutqidan qirqilgan parcha keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Anjumanda aktyor to‘rt yil avval O‘zbekistonga kelganida ro‘y bergan voqeani gapirib bergan. U sahnada turib, o‘zbekistonlik erkakning rus tilidagi xato talaffuzini gapirgan. Rolga kirishib aytgan holati jamoatchilik orasida keskin tanqidlarga va salbiy munosabatlarga sabab bo‘ldi.

 

“Mehmon otangdan ulug‘” deb ideallashtirish kerak emas

 

Jamoatchilik faoli, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘zining Facebook tarmog‘ida Sergey Bezrukovga qarata “shirindan-shirin” gaplarni yozdi.

 

 

“Sergey Yevgenevich, aftidan, siz dunyo sizning “daholigingiz” oldida oh-voh qilib, hayratga tushishi uchungina mavjud, deb chin dildan ishonasiz. Siz O‘zbekistonga kelibsiz-u, hikoyangizga qaraganda, o‘zingizni ming yillik madaniyatga ega mamlakatga emas, balki suratga olish maydonchasiga tushib qolgandek his qilgansiz, bu yerda siz porlashingiz, qolganlar esa hayratdan titrashi kerak, deb o‘ylagansiz.

 

Matbuot anjumanida esa berilib, achinarli bir voqeani so‘zlab berdingiz: tunggi soat birda sizga to‘satdan bir fikr “kelib qolgani” haqida: “Bir maʼnaviy arg‘imchoq uyushtirsam-chi? O‘zbeklar sovg‘a qilgan barcha gullarni olib, Tatyana Sergeyevna qabristoniga olib borsam-chi. Ajoyib-ku!”

 

Aniqrog‘i, Tatyana Sergeyevna Yeseninaga. Birinchidan, Sharqda odobli odamlar tunda, shirakayf holatda mozorlarda, yaʼni qabristonlarda sang‘ib yurmaydi”, — deya yozdi u.

 

Shuningdek, rektor Bezrukovga odamlar samimiy qalb bilan sovg‘a qilgan tekin gullarni qabristonga olib borganidan so‘z ochdi.

 

“Gonorar pulingizga sotib olishga qurbingiz yetmadimi? Bu ehtiromni qadrlash o‘rniga, siz ulardan o‘zingizni “maʼnaviy yuksalishingiz” haqidagi yangi ichki sahna uchun tekin rekvizit sifatida foydalandingiz. Keyin esa qabriston direktori tunda “uxlayotgani”, “rus tilini bilmagani” va faqat bitta – “Beliy” so‘zini aytganidan mazax ham qildingiz.

 

Shu o‘rinda rus madaniyati o‘n yilliklar davomida latifalarda targ‘ib qilib va namoyish etib kelayotgan narsa namoyon bo‘ldi: chukchalar, xoxollar, “kichik xalqlar” – masxara qilish uchun. Begona madaniyat – mensimay hazil qilish uchun. Va mana siz, ushbu mamlakatda turib, o‘sha qarashni beixtiyor takrorlayapsiz: g‘ashlanish, hayratlanish, o‘zingizni “yuqori”, qandaydir “oq tanli odam”dek ko‘rsatishga urinish, qolganlar esa go‘yo 2-navli aborigen yoki hindular.

 

Eng yomoni, bu voqeaning oxirida hatto mamlakatni ham adashtirib yubordingiz. O‘zingiz. Sizga kimdir aytgani yo‘q — o‘zingiz aytdingiz: “Raxmet”. O‘zbekistonda, yaʼni bu yerda “Rahmat” deyiladi”, — degan Qudratxo‘jayev.

 

Uning aytishicha, O‘zbekistonning uning oldida hech qanday qarzi yo‘q — na gul, na taʼzim va na tungi mistik ilhomlar. Shuningdek, u O‘zbekistonda odamlar tunda uxlashini va bu yerda insonlarlar unga mos tilda emas o‘z tilida gaplashishini qo‘shimcha qildi. U ochiqchasiga rus tilidagi talaffuzda xato borligini aytdi, chunki rus tili bizning ona tilimiz emasligiga alohida to‘xtaldi.

 

“Arzon PR ketidan quvib, siz hurmatni xizmat, sovg‘alarni rekvizit, mamlakatni esa o‘z dabdabangiz uchun fon sifatida qabul qilishingizni ko‘rsatdingiz. Tan oling: sizni g‘ashingizni keltirayotgan narsa qabriston direktori yoki “Beliy” emas. Sizga O‘zbekistonning sizga moslashmasdan ham yashashga jurʼat etayotgani alam qilyapti.

 

Siz “noto‘g‘ri” o‘zbeklar haqida hikoya aytib bermoqchi bo‘lgansiz. Lekin o‘zingiz haqingizda hikoya qilib qo‘ydingiz: har bir shaharda odamlarni emas, o‘z egosi uchun dekoratsiyalarni izlaydigan artist haqida.

 

O‘zbekiston sizdan hech narsa qarzdor emas. Na gul, na taʼzim, na tungi mistik ilhomlar. O‘zbekiston sizga mehmondo‘stlik ko‘rsatdi – siz esa gullarni va ancha pulimizni olib ketdingiz. Chunki olishni yaxshi bilasiz. Hurmatga munosib bo‘lishni esa – yo‘q. Ikki karra Xalq artistiga (Rossiya va Boshqirdiston) bunday qilish yarashmaydi, bu oddiy madaniyatli odam uchun sharmandali, uyat va “moveton”.

 

Rostini aytsak, o‘sha tunda siz Tatyana Sergeyevna Yesenina qabri oldida turmagandingiz…”, — deya yozgan Sherzodxon Qudratxo‘jayev.

 

U tarmoqdagi o‘z postini shunday yakunladi: “Mehmonlarni “Mehmon otangdan ulug‘” deb ideallashtirish kerak emas. Doim hadʼya qiladigan choponlarimizni, ipakdan bo‘lgan adras-u atlaslarimizni, oyog‘i ostigi osh bilan mehmon qilishni faqat buni qadrlaydiganlarga qilaylik! Keling, chetdan kelgan gastrolchilar oldida yelib-yugurib, ulardan kelgindi kumir yasashni to‘xtataylik.

 

O‘zi shundog‘am hech qayerda kutilmayotgan, jo‘g‘rofiyasi torayib borayotgan mana shunday ajnabiy artistlarni yurtimizga tashrifini kamaytirish payti keldi!”.

 

Jurnalist Sardor Usmoniy o‘zining Facebook tarmog‘ida Sergey Bezrukovni “isqirt masxaraboz” deb atadi.

 

 

““Qo‘lsiz” familiyali bu nusxani, umuman, rus kinolarining nimasini xushlashadi – hech tushunmayman. Sifatsiz kadrlar, o‘ta-o‘ta zerikarli dialoglar, birorta dunyo davlatiga chiqolmayotgan oqsoq kinosanoat. Mana, ardoqlashning oqibati… O‘laylik bu kunimizdan. Kelmasin bunaqalarning hech qaysisi pok tuproqlarimizga”, — deya yozadi u.

 

 

Tuzini yeb tuzlug‘iga tupurmoq

 

Adliya vaziri davlat tili maslahatchisi, jamoat faoli Shahnoza Soatova o‘zining Facbook tarmog‘ida Bezrukovning konsertini o‘sha vaqtdayoq bekor qilish kerakligini yozdi. Unga ko‘ra, urushni moliyalashtirish bilan maqtangan Lepsning konsertini qoldirishga jamoatchilik erishgan. Bezrukovning konsertini oldidan ham shunday chaqiriqlar bo‘lgan, biroq u baribir kelgan.

 

 

 

“Biz bularni quchoq ochib kutib olamiz, ziyofatlar beramiz, yelkasiga to‘n yopamiz, sahnalarimizga chiqib katta pullar ishlashiga qo‘yib beramiz. Bular esa yurtiga qaytgach “rus tilini bilmaydigan” o‘zbekistonliklarni masxaralab latifa aytib yuradi”, — deya yozadi u.

 

Vazir maslahatchisi Rossiya-Ukraina urushi boshlagandan beri Toshkentga rossiyalik “yulduzlar”ning tinmay kelishiga eʼtibor qaratdi.

 

“Tinch kelib hurmatini bilib konsert qo‘yib ketsa mayli edi. Yo‘q, baʼzilari madaniyat, sanʼat olib kelyapman deb madaniyatsizlikning cho‘qqisini ko‘rsatib ketadi. Rossiyada o‘zbek yulduzi hurmatini bilib tinch konsert qo‘yganida esa tadbirning qiziq joyida kirib buzishadi”, deydi u.

 

Soatova tuzini yeb tuzlug‘iga tupurib ketadigan bunday nonko‘rlarni oqlash uchun “Sanʼat - tinchlik elchisi", “Madaniy aloqalar siyosatdan xoli” degan iboralarga yopishmasligini yozdi. Unga ko‘ra, bunday shaxslarning miyasidagi, mentalitetidagi shovinizm baribir o‘rni kelib toshib chiqadi.

 

“Bundan keyin ularga sahnalarimizni berishda yaxshilab o‘ylaylik. Sanʼatkorman deb kelib, keyin mana bunday qiliqlar bilan o‘rtaga nizo, sovuqchilik tushiradigan bo‘lsa, umuman kerak emas ularning faqat o‘z karmoniga ishlaydigan sanʼati. Sal o‘z qadrimizni bilaylik!”, - deya so‘zini yakunlagan Soatova.

 

Jurnalist Navbahor Imomova o‘zining Facebook tarmog‘ida bu holatni nonko‘rlikka yana bir misol bo‘lishini yozdi.

 

 

Unga ko‘ra, itni ham bitni ham mehmonga chaqirib, tekin boqib, yana qo‘liga bebaho sovg‘alarni tutqazib, taʼzim qilib kutib olib, kuzatishdan faxrlanib yashaydigan xalq hech qachon izzatda bo‘lmaydi.

 

“Mana sizga nonko‘rlikning yana bir misoli. Nafaqat O‘zbekistonda, balki chetdagi vatandoshlar ham shunaqa - kim sizga kulib qarasa, boshingizga ko‘tarasiz; bizni tan olyapti, bizga lol qolyapti, degan kayfda do‘ppi-chopon, ikat-atlas kiydirasiz. Nafis sopol sovg‘alar, gilamlar, hunarmandchilik namunalari, qavat-qavat dasturxonlar … O‘zbekistonliklarga kim shunday ehtirom qiladi? Hatto qo‘shnilar ham bu qadar oshirib yubormaydi. Tadbirboz O‘zbekistonga, tasavvur qiling, har yili qancha odam tekinga kelib ketadi? Siz to‘laysiz (bevosita va bilvosita) o‘nlab forum va anjuman qatnashchilarining xarajatlarini. Karnay-surnay, milliy kiyimda qishda qaltirab turadigan qiz va o‘g‘illar … “Ok”, qoyil qolishadi sizga, keyin nima? Dabdabali va qimmat anʼanalardan (illatlardan) voz kechish, amaliy yondashish vaqti yetib, o‘tib ham ketganini mana shu kallavaram Bezrukov sizga o‘ta farosatsiz shaklda eslatib turibdi”, — deya yozadi u. 

 

Afsuski, ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida Bezrukovning yonini olayotganlar bor. Ularga ko‘ra, Bezrukovning so‘zlari oddiy aytilgan. U aktyor bo‘lgani uchun rolga kirishib va bu jamoatchilik orasida noto‘g‘ri talqin qilina boshladi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Bezurokovga nisbatan tanqidlarga u 22 noyabr kuni videomurojaat bilan javob qaytardi.

 

Rus aktyori sodir bo‘lgan holatni millatlararo nifoqni qo‘zg‘atishga qaratilgan “provokatsiya” deb atadi. Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, ushbu voqeani u Rossiyada ham, O‘zbekistonda ham bir necha bor so‘zlab bergan. 

 

Bezrukovning aytishicha, hikoya hazil ohangda aytilgan bo‘lib, u yerda hech bir xalqni kamsitilmagan.

 

U o‘z murojaatida o‘zbek madaniyatiga, taomlariga va mehmondo‘stligiga doimo katta hurmat bilan qarashini hamda “Sasha Beliy” obrazi O‘zbekistonda qanchalik mashhur ekanini yaxshi bilishini, o‘zbek aktyori Farhod Mahmudov bilan do‘st ekanini va o‘zbek xalqini hurmat qilishini aytgan.

 

Aktyor videomurojaatini  “Doimgidek o‘zbek xalqi va O‘zbekistonni sevadigan va hurmat qiladigan Sergey Bezrukovman. Provokatsiyalarga eʼtibor bermang”, degan jumlalar bilan yakunlagan.

 

Shohjahon Majidov tayyorladi

custom img

Jizzax va Qoraqalpog‘istonda hokimiyat vakillari pora bilan qo‘lga olindi

Jizzaxda hokimlik bosh mutaxassisi 20 million so‘m, Qoraqalpog‘istonda esa hokimiyat vakili 3 ming dollar olganda ushlangan.

custom img

Toshkent va Farg‘onada 8 kilogrammga yaqin gashishning tarqalishi to‘xtatib qolindi

Sirdaryodan noqonuniy suzib o‘tgan shaxs va yana bir necha fuqaro qo‘lga olindi.

custom img

Oʻzbekistonda bir yil ichida hokimning 252 yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortildi

Sudlar mansabdor shaxslar ishtirokidagi 153 ta jinoyat ishini ko‘rib chiqdi.

custom img

Pokistondan O‘zbekistonga ilk charter yuk reysi orqali 17 tonna go‘sht olib kelindi

Havo yuk tashish hajmi bosqichma-bosqich 100 tonnagacha oshirilishi rejalashtirilgan.

custom img

Angrenda voyaga yetmagan qizni zo‘rlagan 4 shaxs 7–12 yilga qamaldi

Jinoyat 2025-yil aprel oyida sodir bo‘lgan.

custom img

Toshkentda FVB xodimi 1500 dollar pora bilan qo‘lga tushdi

U korxona rahbaridan yong‘in xavfsizligi jihozlarini qabul qilish bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirib berish evaziga pul talab qilgan.

custom img

Xalq qabulxonalari tizimi yangilanadi: arizalarni qabul qilishdan tashqari muammolarni diagnostika qiladigan markaz bo‘ladi

Yangi tizim doirasida hokimlik, banklar, shahar bandlik va MIB bo‘limlari hamkorligida fuqarolar tadbirkorlikka jalb qilinadi, ishsizlar hududdagi sanoat va servis korxonalaridagi vakant o‘rinlarga joylashtiriladi.

custom img

“Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifati bo‘yicha noroziliklar ko‘p”

Prezident bu borada eng ko‘p ariza tushgan hududlarda xodimlarning kasbiy va muomala madaniyatini oshirish bo‘yicha o‘qitish shartligini aytdi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"