“Tandirda non yopgan ayolda rak bo‘lmaydi” — Zoyir Mirzayev
Viloyat hokimi onkologik kasalliklar ko‘payishini ayollarning kamharakatligi va tandir ishlatmasligiga bog‘ladi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev yig‘ilishlardan birida ayollar orasida onkologik kasalliklar ko‘payayotganiga oid shaxsiy fikrini bildirib, munozaralarga sabab bo‘ldi. Unga ko‘ra, tandirda non yopish jarayoni ayol organizmida qon aylanishini tezlashtirib, kasalliklardan himoya qilishi mumkin.
Hokim o‘z nutqida ayrim mahallalarda tandirlar ishlatilmayotgani, an’anaviy non pishirish odatlari yo‘qolib borayotganini tanqid qildi. U o‘tmishda ayollar makkajo‘xori uni va qora bug‘doydan tayyorlangan sog‘lom nonlarni pishirgani, bugungi kunda esa “achchiq bulka”ga o‘rganib qolinganini aytdi.
Mirzayev bu fikrni Samarkandda faoliyat yuritgan paytida Koreyadan kelgan shifokor bilan bog‘lab o‘tdi. Uning iddaosiga ko‘ra, mutaxassis ayollar orasida saraton kasalligining ko‘payishiga oid bir nechta omillarni sanab, shular orasida tandir ishlatilmasligini ham tilga olgan.
Eslatib o‘tamiz, Zoyir Mirzayev bundan avval ham mahalliy rahbarlar faolligini tanqid qilib, ayrim yig‘ilishlardagi qatnashuvchilarni “majburiy mehnat” haqida shikoyat qilishda ayblagan edi. Shuningdek, u 5 yildan beri qisqa mehnat ta’tillariga chiqishini aytib, ortiqcha yuklama va cheklanmagan ish kuni rahbarlar ruhiyatiga salbiy ta’sir qilishini ta’kidlagan.







