Buvayda tumani “zamhokimi” ishini shaxsan Bosh prokuror nazoratga oldi
Ekoenspektorga qarshilik qilgan hokim o‘rinbosariga nisabatan Jinoyat kodeksining bir qancha moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Farg‘onada daraxtlarning noqonuniy kesilgani va bu jarayonda tuman hokimi o‘rinbosari ekologiya inspektorining qonuniy talablariga bo‘ysinmagani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan keyin Prokuratura tomonidan holat o‘rganildi.
Tekshiruvlar davomida, 25 noyabr kuni Buvayda tumani hokimining qurilish va ekologiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari S.X. mansab vakolatlaridan haqqoniy foydalanmasdan, “Nayman” mahallasidagi kanal atrofida daraxtlar kesilishining oldini olayotgan Ekologiya qo‘mitasi inspektorining qonuniy talablariga faol qarshilik ko‘rsatgani maʼlum bo‘ldi. U inspektorni xizmat vazifasini bajarishdan to‘xtatib, hodisa joyidan olib ketgani qayd etilgan.
Keltirilgan harakatlar davlat va jamoat manfaatlariga sezilarli zarar yetkazgani sabab, S.X. va boshqa ishtirokchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi (mansab vakolatini suiisteʼmol qilish), 219-moddasi (hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish) va 198-moddasi (o‘simliklarga zarar yetkazish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari boshlangan bo‘lib, jarayon shaxsan Bosh prokuror nazoratiga olingan.







