Buvaydada hokim o‘rinbosari ekoinspektorni kaltakladi
U daraxt kesilishiga qarshilik qilgan xodimga tan jarohati yetkazgani aytilmoqda.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqda Farg‘ona viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Ekologik nazorat inspeksiyasi xodimi Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari tomonidan kaltaklangani aytilgan video tarqalgandi.
Videoda tuman hokimi o‘rinbosari deyilayotgan Saidjon Xizirov daraxt kesilishini to‘xtatishga urinayotgan Ekoinspektor ishiga qarshilik qilib, avval uni kaltaklagani va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari bilan birga uni hududdan sudrab olib chiqib ketayotgani aks etadi.
Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Ekologiya boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, reyd davomida Nayman MFY hududidagi zovur muhofaza maydonida noqonuniy daraxt kesish holati aniqlanib, Maslaxat MFY Chirkay qishlog‘ida yashovchi S.Z. tomonidan jami 26 tup kam qimmatli daraxt qonunga xilof ravishda kesilgani maʼlum bo‘lgan.
Fuqaro S.Z.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bo‘yicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 10 300 000 so‘m jarima va 45 891 600 so‘mlik o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar hisoblangan.
Hozirda hududda kundalik ekologik nazorat o‘rnatilgan va qo‘shimcha o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.







