Jizzaxda ayol MIB orqali kelinlik sarpolarini qaytarib oldi
Ijro harakatlari davomida 13 turdagi mol-mulk xatlovdan o‘tkazilib, undiruvchi — kelinga qaytarib berildi.

Hayotda turli vaziyatlar yuz berishi mumkin. Oilaviy ajralish esa nafaqat ruhiy, balki moddiy tomondan ham qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa, kelinlik sarpolarini qaytarib olish baʼzan jiddiy muammoga aylanadi. Biroq qonun himoyasida bunday masalalar hal etiladi.
Yaqinda Majburiy ijro byurosining Zarbdor tuman bo‘limiga Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning ijro hujjati kelib tushdi. Unga ko‘ra, fuqaro N.A. foydasiga, ajrashganidan so‘ng, kelin bo‘lib borgan uyidan 13 turdagi shaxsiy mol-mulkni (kelinlik sarpolarini) qaytarib berish belgilangan edi.
Davlat ijrochisi ushbu ijro hujjati asosida ishga kirishdi. Qarzdor bilan muzokaralar olib borilib, zarur ijro harakatlari amalga oshirildi. Xolislar ishtirokida hujjatda ko‘rsatilgan barcha 13 turdagi mol-mulk xatlovdan o‘tkazilib, undiruvchi — kelinga qaytarib berildi.
MIB xodimlarining tezkor va qonuniy harakatlari natijasida fuqaro o‘z qonuniy mulkini to‘liq qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi.







