O‘zbekistonda Gender zo‘ravonligiga qarshi 16 kunlik kampaniya start oldi
Tadbirlar Respublika komissiyasi va BMT bilan hamkorlikda o‘tkaziladi.

24-noyabr kuni O'zbekistonda har yili o‘tkaziladigan “Gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faollik” aksiyasi start oldi. Bu yilgi kampaniya “Birgalikda ayollar va qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham beramiz” shiori ostida tashkil etilmoqda.
Ushbu davr mobaynida respublikaning barcha hududlarida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar — o‘quv seminarlar, mazmunli uchrashuvlar, axborot kampaniyalari va ijtimoiy loyihalar o‘tkaziladi.
Kampaniya 25-noyabrdan 10-dekabrgacha bo‘lib o‘tadigan Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni hamda Inson huquqlari kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan global tashabbus doirasida tashkil qilinmoqda. O‘zbekistonda ushbu tadbir Respublika komissiyasi va BMT agentliklari hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Tadbirni ocharkan, Senat raisi Tanzila Narboyeva xotin-qizlarni zo‘ravonlikning barcha turlaridan, ayniqsa, raqamli makondagi xavflardan himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni qayd etdi. U zo‘ravonlikni oqlovchi ijtimoiy stereotiplarni bartaraf etish zarurligini ta’kidladi.
“Hech qanday stereotip zo‘ravonlik uchun asos bo‘la olmaydi,” — dedi Tanzila Narboyeva.
BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Mahl esa mamlakatda olib borilayotgan islohotlar — oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat deb belgilash, yordam xizmatlarini takomillashtirish — raqamli zo‘ravonlikka qarshi kurashda muhim poydevor bo‘layotganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, texnologiyalar kengayib borar ekan, qonunchilik va xizmatlar ham shu jarayonga mos ravishda rivojlanishi lozim.
BMTning Markaziy Osiyodagi Ayollar bo‘yicha muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbari Geren Guven Guresh esa raqamli zo‘ravonlik ko‘plab mamlakatlarda hanuz to‘liq aniqlanmayotgani va global choralar parchalangan holatda qolayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, ayollar va qizlar uchun xavfsiz raqamli muhit yaratish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.







