Toshkent aeroportida 95 ta “iPhone 17” telefoni to‘xtatib qolindi
Fuqaro ularni Dubaydan yashirincha olib kirayotganda qo‘lga tushgan.

Toshkent xalqaro aeroportida fuqaro 95 dona telefonlarni yashirincha olib o‘tmoqchi bo‘ldi, deya xabar bermoqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.
Qayd etilishicha, Bojxona qo‘mitasini Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi hamda “Toshkent-AERO” IBK tezkor xodimlari tomonidan mobil qurilmalarning noqonuniy olib kirilishi yo‘nalishida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Dubaydan uchib kelgan fuqaroga tegishli qo‘l sumkalar bojxona xodimlari tomonidan tekshirib ko‘rilganida uning ichida xorijda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, 8 dona “iPhone 17 Pro”, 87 dona “iPhone 17 Pro Max”, jami 95 dona telefonlar borligi aniqlandi.
Huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olingan jami 95 dona mobil qurilmalarning dastlabki qiymati 1 mlrd 913 mln so‘mni tashkil qilmoqda.
Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.







