Toshkentda 3 oyda 12 ta sun’iy ko‘l va suv havzasi barpo etiladi — Prezident Farmoni
Ikki hafta ichida favvoralar sonini kamida ikki baravar ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi.

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralar to‘g‘risida” Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi. Farmonda ko‘zda tutilgan asosiy chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:
Qurilish maydonlarida nazoratni kuchaytirish
Bir hafta ichida 500 m² va undan katta maydonlarda kompleks tekshiruvlar o‘tkaziladi. Tekshiruvlar davomida maydonlarning kamida 25 foizi ko‘kalamzor qilinganligi, suv purkagichlar o‘rnatilganligi, kirish-chiqish yo‘llarida transport vositalari yuviladigan havzalar mavjudligi hamda materiallar bureznt yoki PVC qoplama bilan yopilgan holda tashilayotgani nazorat qilinadi.
Chiqindilar, chang va qumning havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy talablar amalga oshiriladi.
Katta qurilish maydonlarida monitoring
Maydoni 1 000 m²dan ortiq bo‘lgan qurilish ob’ektlarida monitoring stansiyalarini o‘rnatish majburiy etib belgilandi. Uskunalar Ekologiya qo‘mitasi tizimiga ulanadi va qurilish ishlarini davom ettirish sharti sifatida ko‘zda tutiladi. Yo‘l bo‘ylaridagi daraxt va butalarni muntazam yuvish, ko‘p qavatli uylar uchun sug‘orish rezervuarlarini o‘rnatish choralari ko‘riladi.
Uch oy muddatda shaharning to‘rt yo‘nalishi bo‘yicha kamida uchtadan sun’iy ko‘l va suv havzasi barpo etiladi. Ikki hafta ichida Toshkentdagi favvoralar sonini kamida ikki baravar ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi va taqdim etiladi.
2025-yil oxirigacha atmosfera nazorati tizimi to‘liq modernizatsiya qilinadi
347 ta avtomatlashtirilgan stansiya xarid qilinib, “Air Monitoring Tashkent” tizimi Ekologiya qo‘mitasi boshqaruviga o‘tkaziladi. Tizim “Air Monitoring Uzbekistan” platformasiga integratsiya qilinadi. Shu bilan birga, Gidrometeorologiya xizmati stansiyalari va “Zamin” fondi o‘rnatgan postlar yagona monitoring tizimiga ulanadi.
Farmon Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash va havoning sifatini oshirishga qaratilgan kompleks choralarni amalga oshirishni nazarda tutadi.







