Toshkentda yog‘ingarchilik miqdori keskin pasaydi
2025-yil davomida 170 mm yomg‘ir yog‘di — bu 1917-yildan keyingi eng past ko‘rsatkichlardan biri.

O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati tomonidan o‘tkazilgan kuzatuv va tahlillar poytaxtda yomg‘ir miqdori tarixiy minimumlardan biriga yaqinlashganini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassis Erkin Abdulahadovning ma’lum qilishicha, 2025-yilning oxirgi olti oyi davomida Toshkentda atigi uch marotaba yomg‘ir yog‘gan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 1860-yildan beri Toshkentda yiliga o‘rtacha 444 millimetr yog‘ingarchilik kuzatiladi. 1917-yilda eng kam — 147 millimetr yomg‘ir qayd etilgan edi. Joriy yilgi ko‘rsatkich esa 170 millimetrni tashkil qilib, so‘nggi 100 yildagi eng past namlik darajalaridan biri sifatida qayd etildi.
Iqlim o‘zgarishi fonida mintaqada cho‘llanish jarayonlari kuchayib bormoqda. Natijada Toshkent va unga yaqin Qozog‘iston hududlarida quruq landshaftlar kengayib, kuz oylarida havoda chang miqdori ortmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bunday kamaygan yog‘ingarchilik nafaqat havo sifatiga, balki hududning suv zaxiralariga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.







