Tramp ma’muriyatining Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi 19 bandga qisqartirildi
O‘zgartirishlar Jenevadagi muzokaralar yakunida kiritilgan, lekin qaysi bandlar olib tashlangani ochiqlanmadi.

AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan Ukrainadagi harbiy harakatlarni tugatish maqsadida taklif etilgan tinchlik rejasi qayta ko‘rib chiqilib, 28 banddan 19 bandga qisqartirildi. Bu haqda dw.com nashri xabar bermoqda.
Dastlabki hujjat koʻplab mutaxassislar tomonidan Rossiya manfaatlariga yaqinlikda ayblanib, keskin tanqidga uchragan edi. Qisqartirishlar Jenevada o‘tkazilgan muzokaralar yakunida kiritilgan. Manbalar aynan qaysi bandlar olib tashlanganini ochiqlamadi. WP suhbatdoshlari bandlar soni bo‘yicha yakuniy kelishuv hali to‘liq shakllanmaganini ta’kidladi.
Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi tomonidan taklif etilgan alternativ yondashuvdan farqli o‘laroq, asosiy negiz sifatida AQSH ishlab chiqqan dastlabki loyiha saqlab qolinmoqda.
23-noyabr kuni Jenevada Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov AQSHning yangilangan rejasi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. U rejaga bir qator tahrirlar kiritilganini tasdiqladi, biroq mazmuni haqida batafsil ma’lumot bermadi.
Ukraina Prezidenti Ofisi maslahatchisi Aleksandr Bevz ham rejadagi qator bandlar o‘zgartirilgani yoki butunlay chiqarib tashlanganini bildirdi.
Shuningdek, 23-noyabr kuni Germaniya kansleri Fridrix Merts oʻz tashabbusini ilgari surib, jarayonni soddalashtirish maqsadida rejani 28 banddan bitta asosiy tamoyilga qisqartirishni taklif etdi. U Tramp hujjatidagi Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga yoʻnaltirish hamda foydaning yarmidan AQSHga ulush ajratish haqidagi bandni keskin tanqid qilib, buni “mantiqan asoslanmagan” deb baholadi.







