Samarqandda janjal ortidan ikki yuk mashinasi yoqib yuborildi
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondor qamoqqa olingan.

28-noyabr kuni soat 21:50da Toyloq tumani “Beklar” mahallasida yashovchi 1985-yilda tug‘ilgan K.A. va unga tanish bo‘lgan G‘.R. hamda N.R. o‘rtasida kelishmovchilik oqibatida janjal kelib chiqqani haqida ma’lum qilindi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB xabar berdi.
Janjaldan so‘ng K.A. o‘z farzandlari bilan birga G‘.R. va N.R. boshqaruvidagi ikkita yuk avtomashinasiga benzin sepib, yoqib yuborgan. Yong‘in tez fursatda o‘chirilib, boshqa transport vositalariga zarar yetkazilishi oldi olingan.
Holat bo‘yicha 29-noyabr kuni Toyloq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumondor shaxslarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda, deya xabar berdi Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati.







