AQShning NATOdan chiqishi bo‘yicha qonun loyihasi Kongressga kiritildi
Agar hujjat qabul qilinsa, prezident Shimoliy Atlantika shartnomasining 13-moddasiga muvofiq 30 kun ichida AQShning ittifoqdan chiqishi to‘g‘risida rasmiy tarzda bildirish kiritishi talab etiladi.

AQSh Kongressining ikkala palatasidagi respublikachi qonunchilar mamlakatni NATO tarkibidan chiqarishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etdi. Bu haqda qonun tashabbuskorining rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
Kentukki shtatidan saylangan vakil Tomas Massi tomonidan ilgari surilgan HR 6508 sonli hujjatga “Ishonchli tashkilot bo‘lmagan qonun” yoki “NATO qonuni” nomi taklif etilgan. Massi NATOni “sovuq urush davridan qolgan blok” deb atab, a’zolik AQSh milliy xavfsizlik manfaatlariga mos kelmayotganini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, NATO dastlab Sovet Ittifoqiga qarshi tuzilgan bo‘lib, bugun ittifoqqa a’zolik AQSh soliq to‘lovchilariga trillionlab dollarga tushib, mamlakatni tashqi qurolli mojarolarga jalb etish xavfini oshirmoqda. Shuningdek, u AQSh Konstitutsiyasi mamlakatning doimiy tarzda tashqi ishlarga aralashuvini nazarda tutmasligini, ayniqsa, ayrim boy davlatlar o‘z mudofaa xarajatlarini oshirishga shoshilmayotgan sharoitda, Vashington global xavfsizlik yukini yakka o‘zi ko‘tarishi kerak emasligini bildirdi.
Qonun loyihasida NATOga a’zolik AQShning milliy xavfsizlik manfaatlariga mos kelmasligi qayd etilgan. Agar hujjat qabul qilinsa, prezident Shimoliy Atlantika shartnomasining 13-moddasiga muvofiq 30 kun ichida AQShning ittifoqdan chiqishi to‘g‘risida rasmiy tarzda bildirish kiritishi talab etiladi.
Senatda esa Massining hamkasbi, Yuta shtati senatori Mayk Li S.2174 sonli shunga o‘xshash loyihani taqdim etgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp ham ittifoqchilarni mudofaa xarajatlarini yetarlicha oshirmayotgani uchun tanqid qilib, mamlakatni NATOdan chiqarish ehtimolini bir necha bor tilga olgan edi.
Shuningdek, bunga javoban Kongress avvalgi yillarda AQSh prezidentining bir tomonlama NATOdan chiqishini taqiqlovchi hujjatni ma’qullagan. Biroq ekspertlar ta’kidlashicha, prezident vakolatlari doirasida mazkur taqiqni chetlab o‘tish ehtimoli saqlanib qoladi.
AQSh Milliy xavfsizlik bo‘yicha yangi strategiyasida NATO “kengayib borayotgan ittifoq”ga aylanib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik lozimligi qayd etilgan. Hujjatda Vashington uchun Yevropa bilan hamkorlik muhim ekani, biroq AQSh endilikda “global tartibot yukini yakka o‘zi ko‘tar masligi” ta’kidlanadi.
Reuters xabariga ko‘ra, AQSh 2027-yilgacha NATOning asosiy mudofaa xarajatlari bo‘yicha majburiyatlarning katta qismini Yevropa davlatlari zimmasiga olishni talab qilgan. Belgilangan muddatda bunga erishilmasa, Qo‘shma Shtatlar ittifoqning ayrim mudofaa mexanizmlaridagi ishtirokini qisqartirishi mumkinligi bildirildi.







