Toshkentda tashlandiq joydan bog‘ barpo qilgan fuqaro 82 mln so‘m jarimaga tortildi
U ko‘kalamzorlashtirish harakatlarini 2022-yilda boshlagan.

Yashanabod tumanidagi Arsen Avanesyan ikki yildan ortiq vaqt davomida tashlandiq yer o‘rnida bunyod etgan yashil hudud uchun 82,4 million so‘m jarimaga tortildi. Unga hududni avvalgi tashlandiq holatiga keltirib qo‘yish buyurildi.
Maʼlum bo‘lishicha, hudud temir yo‘l yoqasida tashlandiq va qarovsiz bo‘sh yer bo‘lgan. U o‘z hisobidan tozalash, ko‘kalamzorlashtirish va aholi uchun dam olish maskaniga aylantirishni maqsad qilgan.
U ko‘kalamzorlashtirish harakatlarini 2022-yilda boshlagan. Avanesyanning aytishicha, minglab daraxt va ko‘chat ekkan, yo‘lkalar qurgan, hordiq chiqarish uchun o‘rindiqlar, yoritish tizimi, videokuzatuv va sug‘orish kommunikatsiyalarini o‘rnatgan.
O‘rta hisobda 1500 dan ortiq ko‘chat ekilib, ularning yarmi suv taʼminoti muammolari sabab qurib qolgan. Shu bilan birga, 300 ga yaqin qo‘shni va mahalla aholisi hududni obod qilish ishlarida ixtiyoriy ishtirok etgan. Yillar davomida bu ishlarga umumiy 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ham sarflangan.
Avanesyan ishlarni boshlashdan avval mahalla qo‘mitasi bilan kelishilganini aytadi: «Qo‘shnilar bilan yig‘ilib gaplashdik, ular qo‘llab-quvvatladi. Hokimiyat ham xabardor edi», — deydi u.
Biroq masʼul idoralar bu faoliyatni yer qonunchiligini buzish deb baholadi. Tekshiruvdan so‘ng tashabbuskorga 82,4 mln so‘m jarima qo‘llandi va hududni "avvalgi holati"ga — yaʼni, bo‘sh va qarovsiz yer ko‘rinishiga qaytarish talab qilindi.
Hozircha biror davlat organi yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha rasmiy izoh bermagan.







