11–12 dekabr kunlari Rimda “Insoniy Birodarlik” – 2026 mukofoti yakuniy yig‘ilishi o‘tkazildi
Saida Mirziyoeva jarayon va jamoaviy qarorlar global muloqot va konstruktiv anglashuvga hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

11–12 dekabr kunlari Rim shahrida Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” – 2026 mukofoti hayʼatining yakuniy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar mukofotga nomzod shaxs va tashkilotlarning faoliyatini har tomonlama o‘rganish imkonini berdi. Shuningdek, bu jarayon ularning o‘zaro hurmat va birdamlikni mustahkamlash, inson qadr-qimmatini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlarini baholashda muhim bosqich bo‘ldi.
Qayd etilishicha, joriy yilda tanlovda ishtirok etgan nomzodlar yuqori saviyada bo‘lib, o‘z hamjamiyatlariga sezilarli ijobiy taʼsir ko‘rsatayotgan tashabbus va faoliyatlari bilan ajralib turdi.
Saida Mirziyoyeva hayʼat aʼzolari bilan birgalikda mukofot sovrindorlarini saralash jarayonida ishtirok etganidan mamnun ekanini bildirib, jamoaviy qabul qilingan qarorlar global miqyosda o‘zaro anglashuv va konstruktiv muloqotni yana-da rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.







