O‘zbekistonga tojikistonliklar davolanish uchun eng ko‘p kelmoqda
Yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonga 75 600 nafar xorijiy fuqaro davolanish uchun kelgan.

Joriy yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonga tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida 75 600 nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, tibbiy sayyohlarning asosiy qismi qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolariga to‘g‘ri keladi. Eng katta oqim Tojikiston hissasiga to‘g‘ri kelib, mazkur davrda ushbu mamlakatdan 53 mingdan ortiq fuqaro O‘zbekistonga davolanish uchun kelgan.
Keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston va Qozog‘iston fuqarolari qayd etilgan. Xususan, Qirg‘izistondan 13 038 nafar, Qozog‘istondan esa 6 979 nafar bemor tibbiy yordam olish uchun mamlakatga tashrif buyurgan.
Shuningdek, belgilangan davrda Rossiyadan 1 709 nafar, Afg‘onistondan 533 nafar va Turkmanistondan 215 nafar fuqaro O‘zbekistonda davolangan.
Uzoq xorij mamlakatlaridan kelgan bemorlar soni nisbatan kam bo‘lib, Turkiyadan 43 nafar, AQShdan 15 nafar, Xitoydan 14 nafar va Ozarbayjondan 10 nafar fuqaro qayd etilgan. Yana 65 nafar bemor boshqa davlatlardan kelgan.







