Qozogʻiston tovuq tuxumi importiga vaqtinchalik taqiq joriy etdi
Cheklov YeOII va uchinchi mamlakatlardan olib kiriladigan tuxumlarga tatbiq etildi.

Qozogʻiston Respublikasi uchinchi mamlakatlardan hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) aʼzo davlatlardan yangi tovuq tuxumlarini barcha transport turlari orqali import qilishga vaqtinchalik taqiq joriy etdi. Mazkur cheklov bir oy muddatga amal qiladi.
Tengrinews.kz xabariga ko‘ra, Qozogʻiston qishloq xoʻjaligi vaziri ushbu taqiqni nazarda tutuvchi buyruqni imzolagan. Vazirlik matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, qaror mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ichki bozorni barqarorlashtirish maqsadida qabul qilingan.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi taʼkidlashicha, vaqtinchalik cheklov isteʼmol uchun moʻljallangan yangi tovuq tuxumlari importiga tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, vazirlik import taqiqi Qozogʻiston Respublikasi hududi orqali tuxumlarning tranzit tarzda olib oʻtilishiga, shuningdek, YeOIIga aʼzo bir davlat hududidan boshqa aʼzo davlat hududiga Qozogʻiston orqali tashilishiga taalluqli emasligini maʼlum qildi.







