Tramp Ukrainadagi vaziyatlar fonida Uchinchi jahon urushi xavfi haqida ogohlantirdi
AQSH prezidenti ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan buyon bir necha bor global miqyosda yirik qurolli mojaro xavfi haqida gapirdi.

2025-yil davomida AQSh va Rossiya rasmiylarining Uchinchi jahon urushi ehtimoli haqidagi ritorikasi bir necha bor o‘zgarib, xalqaro siyosiy muhokamalarning markazida bo‘lib keldi. Xususan, AQSh prezidenti Donald Tramp mazkur xavf haqida turli davrlarda turlicha baho berdi deb yozadi RBC.
12-dekabr kuni Donald Tramp jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida, agar “hamma bu o‘yinlarni o‘ynashda davom etsa”, Uchinchi jahon urushi xavfi yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. U bayonot kimga qaratilganini aniq ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, so‘zlar Ukrainadagi mojaro, AQSh tomonidan ilgari surilgan tinchlik tashabbuslari va ularning qayta ko‘rib chiqilishi muhokamalari fonida yangradi.
Donald Tramp ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan buyon bir necha bor global miqyosda yirik qurolli mojaro xavfi haqida gapirdi. Rossiya rasmiylari ham ushbu tahdidga e’tibor qaratib kelmoqda. NATO va Yevropa siyosiy doiralarida ham bu masala muhokama qilindi, yil davomida siyosatchilarning ohangi va baholari o‘zgarib bordi.
Fevral oyida Tramp Uchinchi jahon urushi xavfini AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining siyosati bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, agar avvalgi ma’muriyat yana bir yil davom etganida, keng ko‘lamli urush yuz berishi mumkin edi.
Mart oyida AQSh prezidenti bu xavfni Ukrainadagi mojaro bilan izohladi va vaziyat o‘ta xavfli yo‘sinda rivojlanishi mumkinligini bildirdi. Shu bilan birga, u AQSh va Rossiya o‘rtasidagi birinchi yuqori darajadagi aloqalardan so‘ng holat nisbatan yaxshilanganini qayd etdi. O‘sha davrda ikki davlat rahbarlari o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi hamda Saudiya Arabistonida uchrashuv tashkil etildi.
Avgust oyida Alyaskada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkazilgan sammitdan so‘ng Donald Tramp dunyo endi Uchinchi jahon urushiga tomon ketmayotganini ma’lum qildi. U mojaroning hal etilishiga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi va AQSh hamda Rossiya yadroviy davlatlar ekanini eslatib o‘tdi.
Sentabr oyida esa Tramp yanada ijobiy ohangda chiqish qilib, Ukrainadagi mojaro endi Uchinchi jahon urushi tahdidi sifatida ko‘rilmayotganini bildirdi.
Shuningdek, AQSh prezidenti Yaqin Sharqdagi vaziyat — Falastin–Isroil mojarosi hamda Isroil va Eron o‘rtasidagi iyun oyidagi keskinlik fonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarga ham to‘xtaldi. 13-oktabr kuni AQSh, Misr va Turkiya vositachiligida erishilgan kelishuvdan so‘ng, Tramp Uchinchi jahon urushi G‘azo sektorida boshlanmasligini ta’kidladi.
Biroq 12-dekabr kuni AQSh prezidentining ritorikasi yana keskinlashdi. U Ukrainadagi vaziyatga ishora qilib, agar tomonlar kelishuv yo‘lini tanlamasa, mojaro Uchinchi jahon urushi bilan yakunlanishi mumkinligini aytdi. Tramp tinchlikka erishish ehtimoli borligini, biroq hududiy masala eng murakkab jihat ekanini qayd etdi.







