Samarqandda marmar toshlar orasiga yashirilgan narkotik moddalar topildi
Xorijiy fuqaro giyohvandlik vositalarini marmar toshlar orasiga yashirib olib kirgan, mahalliy fuqarolar esa ularni sotish bilan shug‘ullangan.

Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda Bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1992-yilda tug‘ilgan xorijiy davlat fuqarosi, shuningdek, Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi, 1981 va 1995-yillarda tug‘ilgan uch nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda DXX Zamon.jzga xabar berdi.
Aniqlanishicha, xorijiy davlat fuqarosi qurilishda foydalaniladigan marmar toshlar orasiga giyohvandlik vositalarini yashirgan holda ularni mamlakat hududiga olib kirgan. Mahalliy fuqarolar esa ushbu giyohvandlik vositalarini noqonuniy ravishda sotish bilan shug‘ullangan.
Tezkor tadbir natijasida jami 37 kilogramm 421 gramm “ekstraksion opiy” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergovga qadar tekshiruv hamda tergov harakatlari olib borilmoqda.







