Namanganda 20 dan ortiq bolalar ishtirokidagi yashirin diniy darslar faoliyati to‘xtatildi
Holat Ijtimoiy himoya agentligi tomonidan nazoratga olindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida voyaga yetmagan bolalar ishtirokida noqonuniy diniy ta’lim tashkil etilgani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Aniqlanishicha, yigirmadan ortiq bola qatnashgan mazkur yashirin darslar rasmiy diniy ta’limga ega bo‘lmagan 31 yoshli shaxs tomonidan tashkil etilgan. Mashg‘ulotlar davomida u veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlardagi materiallardan foydalangan holda bolalarga ta’lim bergan.
Tekshiruv jarayonida darslarda 7 yoshgacha bo‘lgan 10 nafar bola, shuningdek, joriy o‘quv yilida birorta ham umumta’lim maktabiga bormagan 13 nafar maktab yoshidagi bola qatnashgani aniqlangan. Ayrim ota-onalar farzandlarining hujjatlarini bir maktabdan olib, boshqa maktabga o‘tkazish orqali bolalarning maktabga bormasligiga sharoit yaratgan.
Mazkur noqonuniy diniy mashg‘ulotlarni tashkil etgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bolalarning ota-onalari farzandlarini tarbiyalash va ta’lim bilan ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganliklari uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq javobgarlikka tortilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalarning maktabga bormayotganini yashirish holatlariga yo‘l qo‘ygan ayrim maktab ma’murlari va o‘qituvchilari ham belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi rejalashtirilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ushbu holat yuzasidan ishchi guruh tuzilib, masala to‘liq nazoratga olindi. Shu bilan birga, bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida tegishli idoralar bilan hamkorlikda manzilli ishlar olib borilmoqda.
Hozirda bolalarni qonuniy ta’lim tizimiga qaytarish, ularning ijtimoiy-psixologik holatini baholash hamda ota-onalar bilan profilaktik tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda.







