Toshkentda “Ekologik transport” tizimi joriy qilinmoqda
Toshkent shahrida “Ekologik transport” tizimini joriy etish bo‘yicha tushuntirish tadbiri tashkil etildi.

Toshkent shahrida “Ekologik transport” tizimini joriy etish bo‘yicha tushuntirish tadbiri tashkil etildi. Tadbir Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Mazkur tadbir Mirobod tumanida joylashgan “Fayzabod” transport vositalari diagnostika tekshiruvi markazida bo‘lib o‘tdi. Unda mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, “Ekologik transport” tizimi avtotransport vositalarining atmosfera havosiga salbiy ta’sirini kamaytirish, ekologik nazoratni kuchaytirish va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan. Tizim doirasida avtomobillar ekologik holatiga qarab “toza” (yashil), “o‘rta” (sariq) va “zararli” (qizil) toifalarga ajratiladi hamda maxsus ekologik stikerlar bilan belgilanadi.
Mas’ullar ma’lumotiga ko‘ra, ekologik stikerlar transport egalari uchun birinchi marta bepul beriladi. Shuningdek, avtomobil egalari bir yilda bir marotaba bepul tekshiruvidan o‘tib, ekologik toifani yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tadbir davomida fuqarolarni qiziqtirgan savollarga ham javob berildi. Xususan, eski rusumdagi avtomobillar masalasiga aniqlik kiritilib, transport vositasining ishlab chiqarilgan yili emas, balki uning texnik va ekologik holati muhim ekani ta’kidlandi. Ekologik talablarga javob beradigan eski avtomobillar ham “yashil” ekologik stiker olish huquqiga ega bo‘lishi qayd etildi.
Shuningdek, ekologik zonalar chegaralari xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan belgilanib, mazkur hududlarda ekologik talablarga javob bermaydigan yoki ekologik stikeri mavjud bo‘lmagan transport vositalarining harakati cheklanishi ma’lum qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, “Ekologik transport” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilib, dastlab Toshkent shahrida, keyinchalik Nukus shahri, viloyatlar markazlari hamda respublikaning boshqa hududlarini qamrab oladi.







