Navoiyda kreditdan qarzdor MCHJning mol-mulki xatlandi
Tashkilot bankdan 3 mlrd qarz olib, o‘z majburiyatlarini belgilangan muddatlarda bajarmagan.

Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida banklar tomonidan imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Biroq, amaliyotda tadbirkorlik subyektlari tomonidan kredit shartnomasida belgilangan majburiyatlarni bajarmaslik holatlari ham uchrab turadi.
Misol uchun, ATIB “Ipak yo‘li bank” Navoiy filiali tomonidan “B.I.B.F.” MCHJga tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida 3 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratilgan.
Kredit shartnomasi bo‘yicha masʼulyati cheklangan jamiyat rahbari o‘z majburiyatlarini belgilangan muddatlarda bajarmaganligi sababli, fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining qaroriga asosan kredit qarzini undirish va undiruvni garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulk va avtotransport vositasiga qaratish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati Byuroning Navoiy viloyat boshqarmasiga kelib tushgan bo‘lib, olib borilgan ijro harakatlari jarayonida jamiyat rahbari ushbu qarzdorlikni to‘lash yuzasidan bir necha bor ogohlantirilib, bank hisobraqamlariga elektron inkasso topshiriqnomalar yuborilgan, barcha mol-mulklari taqiqqa olinib, xatlangan..
Shuningdek, qarzdorlik to‘lanmaganligi sababli, garov taʼminoti sifatida qo‘yilgan XCMG HB58V rusumli avtokran vositasiga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan. Olib orilgan tezkor tadbirlar davomida mazkur avtokran Navoiy shahar hududidagi janubiy sanoat zonasidan topilib, xatlandi.
Kelgusida ushbu mulk elektron onlayn auksion savdosiga sotish uchun chiqarilib, sotuvdan tushgan mablag‘ qarzdorlikni qoplashga yo‘naltiriladi.







