AQShning Venesuelaga hujumlari dunyo miqyosida keskin norozilik uyg‘otdi
Rossiya va Belarus AQSh harakatlarini qurolli tajovuz deb baholadi.

3-yanvar kuni AQSh tomonidan Venesuela hududidagi hukumat va harbiy obyektlarga aviazarbalar berilgani, shuningdek, mamlakat prezidenti Nikolas Maduroning qo‘lga olinib, Venesueladan olib chiqilgani haqidagi bayonot xalqaro maydonda keng rezonans keltirib chiqardi. Turli davlatlar va xalqaro tuzilmalar ushbu voqealarga nisbatan o‘z pozitsiyalarini bildirdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQShning Venesuelaga qarshi harakatlarini qurolli tajovuz sifatida baholab, ularni keskin qoraladi. Moskva bunday amallarni oqlash uchun keltirilayotgan sabablarni asossiz, deb atadi hamda xalqaro huquq va davlatlar o‘rtasidagi ishonchga putur yetkazilayotganini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Kaja Kallas YI Venesueladagi vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi tinch siyosiy o‘tishni qo‘llab-quvvatlaydi, biroq har qanday sharoitda xalqaro huquq va BMT Nizomi tamoyillariga rioya qilinishi zarur. Shuningdek, u mintaqada YI fuqarolarining xavfsizligi ustuvor ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Belarus prezidenti matbuot kotibi Natalya Eismont Aleksandr Lukashenko AQShning Venesuelaga qarshi harakatlarini qat’iy qoralaganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Belarus rahbari bunday harakatlar AQSh uchun jiddiy va uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida avval ham ogohlantirgan.
Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro Venesuela va Lotin Amerikasi suverenitetiga qarshi har qanday tajovuzni qoralab, nizolar faqat tinch yo‘l va milliy muloqot orqali hal etilishi lozimligini ta’kidladi. U xalqaro munosabatlarda xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash tamoyili ustuvor bo‘lishi kerakligini qayd etdi.
Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel esa AQShning Venesuelaga qarshi harakatlarini “jinoyatchi hujum” deb baholab, xalqaro hamjamiyatni zudlik bilan munosabat bildirishga chaqirdi. U Karib va Lotin Amerikasi mintaqasida zo‘ravonlikning kuchayishini keskin tanqid qildi.







